Huquqni muhofaza qilish akademiyasi rahbariyati bilan BMT Bolalar jamg‘armasi (UNICЕF)ning O‘zbekistondagi “U-Report” loyihasi vakillari o‘rtasida O‘zbekiston yoshlari o‘rtasida tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishni qo‘llab-quvvatlashga doir loyiha yuzasidan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv jarayonida “UPSHIFT” ijtimoiy innovatsiya va ijtimoiy tadbirkorlik dasturining maqsadlari va vazifalari xususida fikr yuritildi.
Ushbu dastur yoshlarni tadbirkorlikka qiziqtirish va ularni iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash orqali tadbirkorlik faoliyatiga yo‘naltirishga qaratilgan dastur bo‘lib, 14-yoshdan 24 yoshgacha bo‘lgan yoshlarni qamrab olishga mo‘ljallangan.
Dasturda ishtirok etadigan yoshlar jamoada o‘zlarini hayot yo‘llarini rivojlantirishga doir qarorlar qabul qilish hamda yangi bilim va tajriba ortirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Uchrashuv yakunida Huquqni muhofaza qilish Akademiyasi tomonidan poytaxt tumanlarining yoshlari uchun tayyorlangan maxsus dasturlar asosida “Vatanning sodiq yoshlari” mavzusida o‘tkazilayotgan o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etayotgan yoshlarni saralagan holda ushbu dasturga jalb etish yuzasidan kelishib olindi.