Huquqni muhofaza qilish akademiyasi magistraturasini 2023/2024 o‘quv yilida tamomlagan magistrlarga “Huquq magistri” diplomlarini topshirish marosimi o‘tkazildi.
Tantanali tadbirda Bosh prokuratura va Akademiya vakillari, magistratura bitiruvchilari va ularning ota-onalari, V vakillari ishtirok etdilar.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar Akademiyaning navbatdagi magistrlarini Bosh prokuratura va Akademiya rahbariyati nomidan samimiy tabrikladilar.
Akademiyada o‘quv dasturlari prokuror-tergov va tahliliy ishlarni olib borish, norma ijodkorligi faoliyatida ishtirok etish, shuningdek, ishni tashkil etishning innovatsion shakl va usullarini hamda boshqaruv asoslarini o‘zlashtirish bo‘yicha kasbiy bilim va ko‘nikmalarni chuqurlashtirishga qaratilgani, mashg‘ulotlar ham mazmunan, ham ilmiy-metodik jihatdan yangicha yondashuvlar asosida, ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalaridan, xorijiy innovatsion tajribalardan foydalangan holda tashkil etilgani qayd etildi. O‘quv jarayonida professor-o‘qituvchilar bilan bir qatorda milliy va xorijiy ekspertlar, Parlament, vazirliklar, idoralar, ilmiy, ta’lim muassasalari va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etgani natijasida bitiruvchilarning ilmiy-tadqiqot ishlari yetuk mutaxassis olimlar tomonidan yuqori baholangani alohida qayd etildi.
Mamlakatimizda muhtaram yurtboshimizning tashabbuslari bilan yosh avlodni munosib tarbiyalash, Yangi O‘zbekistonning mustahkam poydevorini yaratish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar doirasida Huquqni muhofaza qilish akademiyasining kamtarona hissasi ekani ta’kidlandi.
Shundan so‘ng, Akademiyani muvaffaqiyatli tamomlagan 139 nafar yoshlarga “Huquq magistri” diplomi topshirildi.
Tadbirda Akademiyaning bitiruvchilari va ularning ota-onalari so‘zga chiqib, ushbu ta’lim dargohida yoshlar uchun ilmiy faoliyat olib borish borasida yaratilgan sharoit va imkoniyatlarni yuqori baholab, Bosh prokuratura hamda Akademiya rahbariyati, professor-o‘qituvchilariga chuqur minnatdorchilik izhor qildilar.