O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan “Huquqni muhofaza qilish sohasida yuridik ta’lim va fan: zamonaviy tendensiyalar va istiqbollari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya materiallari 2 jildli to‘plam shaklida nashr etildi.
Unda yuridik ilm-fanda etika qoidalarining o‘ziga xos xususiyatlari, yuridik yordamning huquqiy asoslari, bepul yuridik yordam ko‘rsatish imkoniyatlari, odil sudlovni amalga oshirish, ma’muriy sudlar tomonidan normativ-huquqiy hujjatlarning qonuniyligini tekshirish va prokuratura organlari tomonidan beg‘araz yuridik yordam ko‘rsatish kabi bir qator dolzarb masalalar o‘rin olgan.
To‘plamda Malayziya korrupsiyaga qarshi Akademiyasi direktori, Xitoy Xalq Respublikasi Milliy prokurorlar kolleji direktori, Rossiya Federatsiyasining bir qator yuridik ta’lim muassasalari rahbarlari, Fransiya sud hokimiyati milliy maktabi rahbari, Belorusiya prokuraturasi huzuridagi ilmiy-amaliy institut direktori, Qozog‘iston Respublikasi prokuraturasi huzuridagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar akademiyasi vakillari, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston prokuraturalari organlari amaliyotchi xodimlari, O‘zbekiston Respublikasida yuridik fan sohasida ko‘zga ko‘ringan olimlar, doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar va boshqa yosh olimlarning ilmiy maqolalari hamda tezislari bayon etilgan.