O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasida 2018 yilning 29 oktyabridan Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi organlari tezkor xodimlari ishtirokida “Majburiy ijro byurosi tezkor bo'linmalari tomonidan iste'molchilarning to'lov intizomiga rioya etishlari ustidan nazorat faoliyatining samaradorligini oshirish” mavzusidagi malaka oshirish kursi boshlandi.
Dasturga asosan, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar jarayonida qonun ustuvorligini ta'minlash va qonuniylikni mustahkamlashda prokuratura organlari oldiga qo'yilayotgan vazifalarning mazmun-mohiyati, Byuro tomonidan elektr energiyasini talon-toroj qilish mexanizmlarini aniqlash, bu turdagi huquqbuzarliklarni fosh etish hamda jinoyatchilikka qarshi kurashishda O'zbekiston Respublikasining “Tezkor-qidiruv faoliyati to'g'risida”gi Qonun talablarini huquqni qo'llash amaliyotiga to'g'ri tatbiq etish masalalari bo'yicha ma'ruza va amaliy mashg'ulotlar o'tkazilishi nazarda tutilgan.
Malaka oshirish kursi davomida tinglovchilar o'zlarining amaliy faoliyatlarida kelib chiqayotgan muammoli vaziyatlarni tahlil qilib, Akademiya professor-o'qituvchilari tomonidan tegishli kasbiy huquqiy tushuntirishlar olishadi.