Huquqni muhofaza qilish Akademisida Davlat xavfsizlik xizmati tergovchilari uchun tinchlik va xavfsizlikka qarshi jinoyatlar bo‘yicha tergov faoliyatini tashkil etish, tergovni o‘tkazish hamda bu jarayonda zamonaviy kriminalistik-texnik vositalardan foydalanish masalalariga bag‘ishlangan navbatdagi malaka oshirish kursi boshlandi.
Kurs dasturi tinchlik va xavfsizlikka qarshi qaratilgan jinoyatlar yuzasidan o‘tkaziladigan tergov harakatlari, tergov jarayonida raqamli qurilmalarda saqlanayotgan ma’lumotlarni to‘g‘ri rasmiylashtirib olish, internet ijtimoiy tarmoqlarida o‘chirilgan ma’lumotlarni qayta tiklash, shaxsni identifikatsiya qilishda qo‘llaniladigan zamonaviy kriminalistik texnik vositalardan foydalanish va shu kabi qator dolzarb masalalarni qamrab olgan.
Malaka oshirish kursi davomida nazariy mashg‘ulotlar bilan bir qatorda, olingan bilimlarni mustahkamlash hamda zarur ko‘nikmalarni shakllantirish maqsadida amaliy o‘quv mashg‘ulotlari, shu jumladan, X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi, Ekspert-kriminalistika bosh markazlari, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi, va boshqa tashkilotlarda sayyor o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazish rejalashtirilgan.