Akademiyada Bosh prokuror tomonidan o‘quv jarayonini prokuratura organlarining kasbiy faoliyati bilan uzviy bog‘liqligini ta’minlashga oid belgilangan vazifalar ijrosi doirasida Ixtisoslashtirilgan prokurorlar korpusining tuman (shahar) prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlari yordamchilari ishtirokida “Sudlarda ma’muriy, fuqarolik va iqtisodiy ishlar ko‘rilishida shaxs huquqlarini himoya qilish” mavzusida malaka oshirish kursi o‘tkazilmoqda.
Kurs dasturi doirasida shaxs huquqlari va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilish, ma’muriy sudlar hamda iqtisodiy va fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda ishlarni ko‘rish hususiyatlari va unda prokuror ishtirokining dolzarb masalalari qamrab olingan bo‘lib, tinglovchilarning mazkur yo‘nalishlardagi nazariy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratilgan mashg‘ulotlardan tarkib topgan.
O‘quv mashg‘ulotlari davomida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlari sharoitida amaldagi qonunchilikka kiritilayotgan yangiliklar, shaxs huquqlarini sud orqali samarali himoya qilishni ta’minlash masalalari, amaliyotda mavjud bo‘lgan muammolar va ularning yechimi bilan bog‘liq masalalar yoritiladi.
Tasdiqlangan dastur asosida o‘tkazilayotgan o‘qitishning masofaviy shaklida har o‘quv haftasining yakuni bo‘yicha tashkillashtirilishi nazarda tutilgan sinxron o‘quv mashg‘ulotlari davomida haftalik o‘zlashtirishni monitoring qilib borish bilan birga, amaldagi qonunchilik talablari hamda mavzu doirasidagi savollarga tushuntirish berib borilmoqda.
Malaka oshirish kursining yakuniy bosqichida esa tinglovchilarning masofadan o‘zlashtirgan bilim va ko‘nikmalari bevosita auditoriya mashg‘ulotlari jarayonida trening hamda o‘qitishning interfaol uslublaridan foydalangan holda, muammoli-vaziyatli holatlarni tahlil qilish va kazuslar yechimini topish vositasida mustahkamlanib, tinglovchilarning kurs dasturini o‘zlashtirish darajasi baholanadi.
Kurs avvalida tinglovchilariga sud-prokuror amaliyotidagi dolzarb masalalar taqsimlangan holda mustaqil o‘rganishlar o‘tkazish va kurs natijalari bo‘yicha laboratoriya ishi doirasida taqdimot himoyasiga tayyorlanish vazifasi qo‘yildi.
Malaka oshirish kursi o‘quv dasturining o‘tkazilish tartibi hamda amaliy topshiriqlarni bajarish qoidalari yuzasidan tinglovchilarga videokonferensaloqa vositasida tushuntirishlar berilgan bo‘lib, tinglovchilarning Akademiya bilan uzluksiz aloqada bo‘lish imkoniyatlarini ta’minlash choralari ko‘rilgan.