Akademiya talabalarini vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, Vatanga bo‘lgan muhabbat tuyg‘usini va daxldorlik hissini shakllantirish, buyuk ajdodlarimizni boy merosini targ‘ib qilish orqali ularni kasbiy tayyorgarligi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda kelgusi xizmat faoliyatiga tayyorlash maqsadida Harbiy va jismoniy tayyorgarlik moduli doirasida binar mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Bakalavriatning 1-bosqich talabalari bilan tashkillashtirilgan mashg‘ulotlarda Qurolli Kuchlar va Ichki ishlar vazirligi akademiyalaridan Temurshunos olimlar, ofitser professor-o‘qituvchilar podpolkovniklar Z.X.Muzaffarov va F.A.Boltayev hamda Milliy gvardiyaning Bosh boshqarma boshlig‘i, harbiy fanlar doktori, professor, polkovnik X.V.Dadaboyev ishtirok etdilar.
Mashg‘ulotlar mobaynida mamlakatimizni boy tarixida chuqur iz qoldirgan aniq faktlar asosida Temuriylar davrida mudofaa va xavfsizlik sohalarida olib borilgan siyosat, harbiy san’atning rivojlanishi, boshqarish va jang olib borish usul va uslubiyotlari kabi savollar bugungi kunda olib borilayotgan ularning zamonaviy ko‘rinishlari bilan uyg‘unlikda har tomonlama ko‘rib chiqildi.
Talabalar o‘zlarining qiziqtirgan barcha savollariga mutaxassislardan yetarli darajada javoblar oldilar.
Bu kabi tadbirlar kuch tuzulmalari va huquqni muhofaza qiluvchi organlarining bo‘lajak xodim va harbiy xizmatchilarda kasbiy faoliyatidan faxrlanish, ularda mas’uliyat va sadoqat tuyg‘ularini shakllantirishga xizmat qiladi. Talabalarimiz kelgusida sharafli va muqaddas kasb sohibalari bo‘lishlarida muhim o‘rin tutadi.