Akademiya talabalari xalqaro olimpiadada muvaffaqiyatli ishtirok etdilar

Akademiya talabalari xalqaro olimpiadada muvaffaqiyatli ishtirok etdilar

 

Akademiya talabalaridan iborat O‘zbekiston jamoasi 2024 yilning 30 sentyabr – 4 oktyabr kunlari Sirius federal hududida (Rossiya Federatsiyasi) o‘tkazilgan Moliyaviy xavfsizlik bo‘yicha IV xalqaro olimpiadada muvaffaqiyatli ishtirok etib qaytdi.

Olimpiadaning final bosqichida 36 ta mamlakat jamoalari tarkibida 449 nafar talaba ishtirok etdi. O‘zbekiston jamosidan 4 nafar talaba g‘oliblikni qo‘lga kiritdilar, shu jumladan, Akademiyaning 3-kurs talabasi Sabina Qaxramonova “Xalqaro munosabatlar” yo‘nalishi bo‘yicha olimpiada g‘olibi bo‘ldi.

Davlatlar miqyosida (36 davlat) Olimpiada tadbirlari natijasiga ko‘ra, O‘zbekiston vakillari jamoaviy hisobda faxrli 3-o‘rinni egallashdi.

Talabalarimiz olimpiada dasturi doirasida o‘tkazilgan trening, master-klasslarda faol ishtirok etib, ular “Eng yaxshi to‘g‘ri javob”, “Eng faol ishtirokchi”, “Eng ko‘p to‘g‘ri javoblar” nominatsiyalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritdilar.

Xalqaro olimpiadada talabalarning munosib ishtirok etishini ta’minlash maqsadida Akademiya “Mintaqaviy muloqot” XNNTning Toshkentdagi vakolatxonasi ko‘magida xalqaro ekspert Richard Djozef Djoys (AQSH) ishtirokida maxsus o‘quv dasturini amalga oshirdi. Nazariy bilimlardan tashqari, talabalarga amaliy materiallar va haqiqiy olimpiada formatini taqlid qiluvchi testlar taqdim etildi, bu esa, o‘z navbatida musobaqaga puxta tayyorgarlik ko‘rish imkonini berdi.