O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi ilk bor nufuzli Times Higher Education World University Rankings (WUR) 2025 reytingiga kirdi va “reportyor" (da’vogar) maqomini oldi. Bu e’tirof Akademiyaning taraqqiyoti va xalqaro akademik maydondagi obro‘sining o‘sishini ko‘rsatadi.
2025 yilgi WUR reytingi 115 davlatdan ortiq 2 000 dan ziyod muassasalarni qamrab olgan. Reyting 18 ta mezon va 5 ta asosiy yo‘nalishlar: ta’lim, ilmiy tadqiqot muhiti, tadqiqotlar sifati, amaliyot va xalqaro hamkorlik bo‘yicha universitetlarning faoliyatini baholaydi.
Ushbu reytingdagi e’tirof Akademiyaning huquqni muhofaza qilish sohasidagi ta’lim va tadqiqotlarni rivojlantirishga, shuningdek, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va ilg‘or akademik muhitni yaratishga bo‘lgan intilishlarini tasdiqlaydi.
Mazkur maqom Akademiyaning katta yutuqlari va uning kelajakka mo‘ljallangan strategik rejalarini aks ettiradi. Bu muvaffaqiyat O‘zbekistonning xalqaro ta’lim sohasidagi o‘rnini yanada mustahkamlab, Akademiyaning yuridik va huquqni muhofaza qilish sohasidagi ta’lim va tadqiqotlarni shakllantirishdagi muhim rolini ifodalaydi.