Akademiya tomonidan ilmiy-ta’lim salohiyatini yuksaltirish, faoliyatning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha tajriba almashishga qaratilgan samarali idoralararo hamkorlik amalga oshirib kelinmoqda.
Xususan, 2023 yil 6 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolangan. Mazkur memorandum doirasida Akademiyaning korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida tahsil olayotgan tinglovchilari uchun Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida sayyor amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Ushbu tadbirlar davomida tinglovchilar korrupsiyaga qarshi kurashishning milliy huquqiy asoslari va rivojlangan xorijiy davlatlar tajribalari bilan tanishdilar. Shuningdek, ularga korrupsiyaga qarshi samarali kurashish usullari bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlar berildi.
Bu kabi mashg‘ulotlar yosh kadrlarning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish, ularning sohadagi kasbiy mahoratlarini oshirish hamda korrupsiyaga qarshi kurashishda ilg‘or amaliy yechimlarni o‘zlashtirishga xizmat qiladi.