Joriy yilning 28 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi va Hindiston Milliy kriminalistika universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda muhim qadam bo‘lib, uzoq muddatli hamkorlik uchun asos yaratadi.
Milliy kriminalistika universiteti kiberhuquq, kriminologiya, jinoiy odil sudlov, kriminalistika (shu jumladan raqamli kriminalistika), sun’iy intellekt va kiberxavfsizlikka ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Universitet 10 dan ortiq filiallarga ega bo‘lib, 80 dan ortiq ta’lim dasturlarini taklif qiladi. Talabalar soni 5000 nafardan oshadi va 90 dan ortiq xorijiy hamkorlar bilan bitim va memorandumlar imzolangan.
Imzolangan memorandum ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash va hamkorlikning yangi shakllarini rivojlantirishga qaratilgan. Memorandum ta’lim va yurisprudensiyaning dolzarb masalalari bo‘yicha axborot va tajriba almashish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish, akademik almashinuv va qo‘shma tashriflarni tashkil etish, trening, seminar va konferensiyalar o‘tkazish hamda ekspertlar o‘rtasida kasbiy aloqalarni rivojlantirishni nazarda tutadi. Shuningdek, o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish ham memorandum doirasidagi muhim yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlik kelishuvini samarali amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar. Taraflar qo‘shma loyihalarni ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratib, kelgusi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari va eng muhim sohalarini belgilab oldilar. Erishilgan kelishuvlar tomonlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini mustahkamlashga hamda ularni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.