2018 yil 26 oktyabr kuni Bosh prokuratura Akademiyasida xalqaro ekspertlar ishtirokida jinoyat qonunchiligini takomillashtirish bo'yicha ishchi guruhning navbatdagi yig'ilishi bo'lib o'tdi.
Yig'ilishda ishchi guruhning doimiy a'zolari, jumladan O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Oliy sud, prokuratura va ichki ishlar organlari, TDYU vakillari, shuningdek, xalqaro ekspert Goran Klimenchich (Sloveniya) ishtirok etdi. Ekspert qonunchilikni eng samarali xalqaro tajribaga asoslangan holda takomillashtirish masalasida hamkorlik qilishga tayyorligini bildirib, mazkur sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini kuchaytirish borasida o'z maslahatlarini berdi.
Muhokama doirasida ishchi guruh havolaki normalar, sudlanganlik holati, uning huquqiy oqibatlari, ma'muriy preyuditsiya, muqobil jazo turlari va ularni tayinlash tartibi, jazoni almashtirish mexanizmi, jinoyatlar tasnifi, qilmishlarni kriminalizatsiya va dekriminalizatsiya qilish masalalari yuzasidan munozaralar bo'lib o'tdi.
Shuningdek, G.Klimenchich qonunchilikka insonparvarlik, qonun oldida barchaning tengligi kabi tamoyillarni ta'minlashga, retsidiv jinoyatlarni kamaytirishga, shuningdek, jamoat tartibini kuchaytirishga qaratilgan probatsiya institutini kiritishning ahamiyatiga alohida to'xtalib o'tdi.