Joriy yilning 7 noyabr kuni Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga Saudiya Arabistoni podshohligi Bosh prokurori shayx Saud ibn Abdulloh Al-Muajib boshchiligidagi delegatsiya vakillarining tashrifi amalga oshirildi.
Tashrif davomida delegatsiyaga Akademiyaning tuzilmasi va asosiy faoliyat yo‘nalishlari, prokuratura va tergov organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish tizimi hamda o‘quv jarayoni to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
Uchrashuv konstruktiv ruhda o‘tib, Saudiya Arabistoni Bosh prokurori Akademiya faoliyati unda katta taassurot qoldirganini ta’kidladi. Mehmonlar kelgusida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va mustahkamlash bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surdilar.
Shuningdek, delegatsiya vakillari Akademiyaning moddiy-texnik bazasi, tinglovchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, amaliy ko‘nikmalarni o‘zlashtirishga qaratilgan infratuzilma, ta’lim jarayonida qo‘llanilayotgan zamonaviy texnologiyalar, Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot Instituti faoliyati, yuridik klinika, kriminalistik poligon, laboratoriyalar, sud imitatsiyasi xonasi va boshqa amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazishga mo‘ljallangan maxsus xonalar, shuningdek, axborot-resurs markazi faoliyati bilan tanishdilar.
Akademiyaning ilm-fan, ta’lim va amaliyotning o‘zaro uyg‘unligiga asoslangan ta’lim faoliyati mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Tomonlar kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash, hamda Saudiya Arabistoni prokuraturasi xodimlarining malakasini oshirishga qaratilgan ta’lim dasturlarini amalga oshirish yo‘nalishida hamkorlik qilishga kelishib oldilar.