O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida Xalqaro talabalar kuni munosabati bilan “Yuksak zafarlarga chorla yoshligim” shiori ostida bayram tadbiri o‘tkazildi.
Talabalarni Akademiya boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ye.V.Kolenko bayram bilan tabrikladi va ularning qator xalqaro olimpiadalar, tanlovlar, sport musobaqalarida erishgan muvaffaqiyatlarini sanab o‘tdi. Akademiyada bundan keyin ham talabalarning intellektual va ijodiy salohiyatini yuksaltirish, ularning ta’lim, ilm-fan va mehnat faoliyatida yuksak natijalarni qo‘lga kiritishi uchun barcha zarur shart-sharoitlarning yaratilishi ta’kidlandi.
Tadbir dasturida talabalarning adabiyot, san’at va she’riyat sohasidagi ijod namunalari namoyish etildi.
Tadbir davomida o‘quv jarayonida yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan va ijtimoiy hayotda faolligini namoyon qilgan talabalar, shuningdek “Yilning eng bilimdon talabasi", “Yilning eng faol sportchi talabasi”, “Yilning ixtirochi-innovator talabasi”, “Yilning eng faol ijodkor talabasi”, “Yilning faol targ‘ibotchi talabasi” nominatsiyalari g‘oliblari rag‘batlantirildi.