Sankt-Peterburg davlat universiteti bilan hamkorlik mustahkamlanmoqda

Sankt-Peterburg davlat universiteti bilan hamkorlik mustahkamlanmoqda


Huquqni muhofaza qilish akademiyasida Sankt-Peterburg davlat universiteti (Rossiya) vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Mehmonlar Akademiya faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, prokuror-tergov kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish jarayonida qo‘llanilayotgan zamonaviy ta’lim metodikalari va ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, shuningdek Akademiya ta’lim infratuzilmasi bilan yaqindan tanishib chiqdilar.

Tadbir doirasida Akademiya va Sankt-Peterburg davlat universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi. Ushbu hujjat ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash va uzoq muddatli hamkorlik uchun muhim qadam hisoblanadi. Memorandumda qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, ta’lim dasturlarini tashkil qilish va ilmiy tadbirlar, shuningdek, akademik va ilmiy almashinuvni rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

Sankt-Peterburg davlat universiteti – Rossiyaning eng qadimgi universitetlaridan biri bo‘lib, joriy yilda o‘zining 300-yillik yubileyini nishonlamoqda. Universitet 81 davlatdagi 500 dan ortiq universitet bilan hamkorlik o‘rnatgan bo‘lib, keng turdagi ta’lim va ilmiy dasturlarni taklif qiladi.

Uchrashuvda tomonlar kelgusidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini va ustuvor sohalarini belgilab oldilar. Bu esa hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash va umumiy maqsadlarga erishishga xizmat qiladi.