O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi huquqni muhofaza qilish sohasi uchun zamonaviy talablarga javob beradigan malakali kadrlarni tayyorlash borasidagi salohiyatni oshirish maqsadida respublikamizning yetakchi ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan idoralararo hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha izchil ishlarni amalga oshirib kelmoqda.
Akademiya boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ye.V.Kolenko O‘zbekitsan Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi tomonidan tashkil etilgan “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada ma’ruza bilan ishtirok etdi.
Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya doirasida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Memorandum akademiyalar o‘rtasida ta’lim, ilmiy-tadqiqot va ekspert-tahliliy yo‘nalishlarida o‘zaro hamkorlik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlashga xizmat qiladi.
Hujjatda huquqbuzarliklar profilaktikasi, kiberjinoyatlarga, korrupsiyaga va boshqa zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashish borasida huquqni muhofaza qilish sohasi kadrlarining salohiyatini oshirishga qaratilgan qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va o‘quv dasturlarini hamkorlikda amalga oshirish nazarda tutilgan.