Huquqni muhofaza qilish akademiyasining vakillari Ozarbayjon Respublikasi Boku shahrida o‘tkazilgan “Huquqiy munosabatlarning transmilliy jihatlari: zamonaviy chaqiriq va maqsadlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etishdi.
Ushbu xalqaro konferensiyada bir qator davlatlarning vakillari, shuningdek Ozarbayjon Respublikasi Bosh prokurori, adliya vaziri, Konstitutsiyaviy sud va Oliy sud, Advokatlar hay’ati raislari ishtirok etdilar.
Turkiy tillarda so‘zlashuvchi davlatlarning sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlari hamda ta’lim muassasalari vakillari o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdilar.
Tadbirda Akademiya vakillari “Transmilliy jinoyatlardan jabr ko‘rganlar va ularni fuqaroviy-huquqiy himoya qilish mexanizmlari” hamda “O‘zbekistonda tadbirkorlik sohasidagi qonunchilik va tadbirkorlarni huquqiy himoya qilish” mavzusida ma’ruza bilan ishtirok etishdi.
Shuningdek konferensiya ishtirokchilarining Ozarbayjon Bosh prokuraturasiga, Bosh prokuratura Ilmiy-o‘quv markaziga va boshqa diqqatga sazovor joylarga tashrifi amalga oshirildi.