O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi Sud ekspertizalari ilmiy-tadqiqot institutining Idoralararo ilmiy-uslubiy kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Idoralararo kengashda Adliya vazirligi, Elektron texnologiyalarni rivojlantirish markazi, IIV Bosh ekspert-kriminalistika markazi, Sog‘liqni saqlash vazirligining Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi, Mudofaa vazirligining Sud-tibbiy ekspertizalar markazi, DXX Ekspert-kriminalistika bo‘limi, FVV Yong‘in xavfsizligi va favqulodda vaziyatlar muammolari ilmiy-tadqiqot instituti, X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi, Toshkent davlat yuridik instituti va boshqa tashkilotlar vakillari ishtirok etdilar.
Majlis davomida Huquqni muhofaza qilish akademiyasining Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan ishlab chiqilgan “Katta hajmdagi ma’lumotlarni ("BigData") tadqiq qilish va tahlil etish” ekspertlar uchun uslubiy tavsiyalar ko‘rib chiqish uchun majlis ishtirokchilariga taqdim etildi. Ushbu uslubiyot respublikamizda mazkur yo‘nalish bo‘yicha ekspertlar uchun yaratilgan ilk uslubiy tavsiyalar hisoblanadi.
Muhokama yakuni bo‘yicha Idoralararo kengash a’zolari tomonidan ushbu uslubiy tavsiyalarni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Yagona idoralararo uslubiyotlar reyestriga kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.