Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyati bilan yaqindan tanishish, qonun ijodkorligi jarayonlari haqida chuqur bilimga ega boʻlish maqsadida Huquqni muhofaza qilish akademiyasi magistraturasi tinglovchilari parlamentning quyi palatasiga tashrifni amalga oshirishdi.
Tadbir mobaynida tinglovchilar qonun hujjatlarini tayyorlash, muhokama qilish va qabul qilishning asosiy bosqichlari bilan alohida tanishish imkoniyatiga ega boʻlishdi. Shuningdek, Qonunchilik palatasi a'zolari tomonidan tinglovchilar palataning tuzilishi, vazifalari va vakolatlari haqida ma'ruzalar tashkil etilib, parlamentning qonun ustuvorligi va huquq-tartibotni ta'minlashdagi roli toʻgʻrisida batafsil ma'lumotlar berishdi.
Tinglovchilar qonunchilik jarayonining amaliy jihatlari, qonunlar ijrosini monitoring qilish mexanizmlari va Qonunchilik palatasining boshqa davlat organlari bilan oʻzaro hamkorligi yuzasidan savollar bilan berish orqali tadbirda faol ishtirok etishdi. Shu bilan birgalikda parlament binosi boʻylab ekskursiya ham tashkil etilib, unda ishtirokchilar amalda deputatlar, qoʻmitalar va palata xodimlarining ish faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga eg boʻlishdi.
Mazkur tadbir davomida olingan bilimlar boʻlajak mutaxassislar oʻrtasida qonunchilik jarayoni toʻgʻrisidagi chuqur bilim va tushunchalarni shakllantirishga yordam beradi hamda ularda huquqiy normalarni tahlil qilish koʻnikmalarini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.