Joriy yilning 19 noyabr kuni Bosh prokuratura Akademiyasida Yaponiya Adliya vazirligi mas'ul xodimlari Ito Xiroyuki, Vatanabe Yoshikata hamda Nagoya Universitetining O'zbekistondagi vakolatxonasi vakillari ishtirokida amaliy uchrashuv va Yaponiyada huquqbuzarliklar profilaktikasining asosiy vazifalari, prokuratura organlari xodimlarini tayyorlash amaliyoti bo'yicha seminar-trening o'tkazildi.
Amaliy uchrashuv va seminar-trening Yaponiya davlatining tegishli muassasalari bilan hamkorlikda prokuratura organlari xodimlarini tayyorlashni yanada rivojlantirish hamda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 31 oktyabrdagi “Jinoiy-huquqiy statistika tizimini tubdan takomillashtirish va jinoyatlarni tizimli tahlil qilish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PF-5566-sonli Farmoniga asosan jinoyatlarning sodir etilishi sabablarini tizimli tahlil qilish va o'rganish bo'yicha Akademiya oldiga qo'yilgan yangi vazifalarning ijrosini ta'minlash maqsadida tashkillashtirildi.
Chet ellik mutaxassislar Akademiya mas'ul xodimlari, professor-o'qituvchilari va tinglovchilariga Yaponiyada sud-huquq tizimi va prokuratura faoliyati, kadrlar tayyorlash masalalari, jinoyatlarni oldini olish va unga qarshi kurashish mexanizmlari, jinoiy-huquqiy statistikani yuritish va jinoyatlarni tahlil qilish jarayoni, huquqbuzarliklar profilaktikasi yuzasidan batafsil ma'lumot berishib, o'z tajribalari bilan almashishdi.
Yaponiya delegatsiyasi vakillari muhokama qilingan masalalar bo'yicha kelgusida Akademiya bilan tajriba almashish va hamkorlikni yo'lga qo'yishga tayyor ekanliklarini bildirib o'tishdi.