Huquqni muhofaza qilish akademiyasi xodimlari tomonidan Bosh prokuraturaning Ichki ishlar organlarida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi xodimlari balan birgalikda Andijon viloyati ichki ishlar organlarida axborot texnologiyalari yordamida sodir etilgan jinoyat haqidagi ariza va xabarlarning ko‘rib chiqilishi, tergov qilinishi, fosh etilishining qonuniyligi hamda bu boradagi prokuror nazorati ahvoli o‘rganilib, umumlashtirildi.
O‘rganish viloyat tumanlaridagi ichki ishlar bo‘limlariga borib, bu toifadagi jinoyatga oid ariza va xabarlar bo‘yicha yuritilgan tergovga qadar tekshirish materiallari, jinoyat ishlari va boshqa hujjatlarni bevosita o‘rgangan holda, shuningdek jinoyatning yangi turlari bo‘yicha ayrim jabrlanuvchi fuqarolar bilan suhbatlashgan holda olib borildi.
O‘rganishda aniqlangan qonunbuzilishi holatlari tekshirish guruhi tashabbusi bilan bartaraf etilishi ta’minlandi hamda bartaraf etishning imkoni bo‘lmagan tizimli xato va kamchiliklar umumlashtirildi.
Shuningdek, Akademiyaning Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti xodimlari tomonidan tezkor-tergov xodimlariga axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish, raqamli dalillar bilan ishlash hamda bu turdagi jinoyatlarni fosh etish borasidagi ko‘nikmalarini oshirish yuzasidan amaliy-nazariy bilim va ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Tekshirish yakuni bo‘yicha axborot texnologiyalari yordamida sodir etilgan jinoyatlarning sodir etilishi usullari, shart-sharoitlari va toifalarining ro‘yxati shakllantirildi hamda kelgusida ushbu yo‘nalishda sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarning barvaqt oldini olish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish maqsadida umumlashtirildi.