Akademiya bakalavriatida “Tergov faoliyati” va “Prokurorlik faoliyati” yo‘nalishlari bo‘yicha tahsil olayotgan talaba-qizlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiyasi, Bojxona qo‘mitasi hamda prokuratura tizimlarida xizmat qilib kelayotgan tajribali harbiy xizmatchi va xodima ayol ofitserlar bilan uchrashuv tashkil etildi.
Ushbu tadbir talaba-qizlarning kasbiy tayyorgarligi bo‘yicha bilim, ko‘nikma va malakalarini shakllantirish va rivojlantirish, kelgusi xizmat faoliyatiga tayyorlash hamda xizmatga bo‘lgan qiziqishlarini orttirish, o‘z kasbiga bo‘lgan ishtiyoqini oshirish maqsadida tashkillashtirildi.
Tadbir davomida zamonaviy ayol xodim imidji xususida fikrlar bildirildi, mehmonlarimiz huquqni muhofaza qiluvchi organlarda amalga oshirilayotgan islohotlar, harbiy xizmatchi va xodima ayollarni tizimlardagi o‘rni va roli, xizmat vazifalarini bajarishdagi o‘ziga xos xususiyatlarining mazmun-mohiyatini tushuntirish bilan bir qatorda o‘zlarining nafaqat xizmat faoliyatlari davomidagi taassurotlari haqida so‘zlab berdilar, balki bosib o‘tgan hayotiy tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar. Xodima ayollarimiz yoshlarimizning savollari va ularni qiziqtirgan masalalari yuzasidan o‘z fikr va mulohazalarini bildirdilar.
Bu kabi uchrashuvlar talabalarimizni kasbiy faoliyatidan faxrlanish, ularda mas’uliyat va sadoqat tuyg‘ularini shakllantirishda muhim o‘rin tutadi. Qizlarimiz kelgusida sharafli va muqaddas kasb sohibalari bo‘lishlarida muhim motivatsiya manbasi bo‘lib xizmat qiladi.