Ilk marotaba “Inson huquqlariga oid xalqaro huquq” izohli lug‘ati nashr etildi

Ilk marotaba “Inson huquqlariga oid xalqaro huquq” izohli lug‘ati nashr etildi


Inson huquqlari va xalqaro huquq masalalari bo‘yicha o‘quv jarayonini uslubiy ta’minlash maqsadida huquqshunoslik tarixida ilk marotaba “Inson huquqlariga oid xalqaro huquq” nomli izohli lug‘at nashr etildi.

Ushbu izohli lug‘at inson huquqlariga oid xalqaro huquqning eng muhim tushunchalari, prinsiplari, normalari, institutlari va konsepsiyalarining mazmun-mohiyatini qisqacha bayon qilgan atamalardan iborat.

Izohli lug‘atning materiallari shartnomaviy-huquqiy aktlar, xalqaro tashkilotlar va zamonaviy amaliyot hujjatlariga asoslangan bo‘lib, nafaqat maxsus atamalar, balki huquqni qo‘llash amaliyoti va yuridik fanning boshqa sohalarida ham keng qo‘llaniladigan so‘zlarni qamrab olgan. 
Mazkur nashrning o‘ziga xosligi shundaki, unda yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda uchraydigan bir qator tushunchalarga ham keng izoh berilgan bo‘lib, foydali manbalar haqidagi ma’lumotlar QR kod shaklida ilova qilingan.

1 300 dan ortiq yuridik atamalarni o‘zida jamlagan izohli lug‘at oliy yuridik ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilari, talabalari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, sudyalar, advokatlar, shuningdek inson huquqlari hamda xalqaro huquqiy munosabatlar muammolariga qiziquvchi keng kitobxonlar ommasi uchun mo‘ljallangan.

Nashr uchun mas’ul muharrir akademik A.X. Saidov rahbarligida tayyorlangan ushbu izohli lug‘at O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi va Namangan davlat universitetining professor-o‘qituvchilarining qo‘shma ilmiy-tadqiqot doirasidagi hamkorlikning mahsuli hisoblanadi.