Akademiya boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ye.V.Kolenko rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan hududlarga chiqilgan holda dolzarb masalalar yuzasidan o‘quv va amaliy mashg‘ulotlar davom ettirilmoqda.
Xususan, mazkur ishchi guruh tomonidan Qashqadaryo viloyati tuman (shahar) prokurorlari sohaviy o‘rinbosarlari uchun mahallalarda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish hamda jinoyatchilikni jilovlash masalalariga oid o‘quv seminari o‘tkazildi.
O‘quv tadbiri doirasida ishtirokchilarga jinoyatchilikning barvaqt oldini olishning yangi tizimi, kiberjinoyatlar tahdidi, kiberjinoyatlarning oldini olish va ularni fosh etishning o‘ziga xos jihatlari atroflicha tushuntirildi. Shuningdek, hududdagi kriminogen vaziyatning kundalik tahlili amalga oshirildi.
Bundan tashqari, “Korrupsiyaga qarshi kurashishning dolzarb masalalari” mavzusida o‘quv seminari tashkil etilib, korrupsiyaviy omillar bartaraf etish bo‘yicha preventiv choralar, korrupsiyaning oldini olish, korrupsiyaga qarshi kurashish, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat, kiber korrupsiyaga qarshi kurashish, dastlabki tergovning sifatini yaxshilash, sohadagi tizimli kamchiliklar, oqlovning kelib chiqish sabablari kabi qator dolzarb masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi.
O‘quv tadbirlari davomida amaliyotdagi muammolar tahlil qilinib, yechimlari yuzasidan fikr almashildi, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.
Hududlarda mazkur yo‘nalishlardagi o‘quv amaliy mashg‘ulotlar tizimli davom ettiriladi.