“Biz – sohibqiron Amir Temur avlodimiz!” tamoyili asosida yoshlarda tarixiy xotirani mustahkamlash, ularda milliy g‘urur va vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi bakalavriati “Prokurorlik faoliyati” yo‘nalishi 1-kurs talabalari uchun Temuriylar tarixi davlat muzeyiga ma’rifiy ekskursiya tashkil etildi.
Ekskursiya davomida talabalar Muzeyda namoyish etilgan nodir eksponatlar, tarixiy hujjatlar, maketlar va interaktiv panellarni ko‘zdan kechirib, buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temur hamda Temuriylar sulolasining boy merosi, ularning davlat boshqaruvi, ilm-fan, madaniyat va harbiy sohadagi yutuqlari bilan yaqindan tanishdilar.
Tashrif davomida talabalar tarixiy manbalarni ko‘zdan kechiribgina qolmay, Amir Temur shaxsiyatining jahon tarixidagi o‘rni, uning “Tuzuklari”da aks etgan g‘oyalar va Temuriylar davridagi taraqqiyot haqida ham batafsil ma’lumotlarga ega bo‘lishdi. Ekskursiya yakunida ochiq muloqot o‘tkazilib, talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi.
Ushbu tashabbus yoshlarning tarixiy merosga hurmat ruhida tarbiyalanishi, ularning ijtimoiy faolligini oshirish va ma’naviy-ma’rifiy bilimlarini boyitishga xizmat qiladi.