O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari akademiyasi magistratura mutaxassisligi tinglovchilari ishtirokida Huquqni muhofaza qilish akademiyasida qisqa muddatli malaka oshirish kursi tashkil etildi.
Mudofaa vazirligi tizimining turli bo‘g‘inlarida faoliyat olib borayotgan ofitserlar “Operativ strategik bo‘g‘im” hamda “Davlat va harbiy boshqaruv” yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z bilim va malakalarini oshirdilar.
Unda tinglovchilarga O‘zbekiston Respublikasida mudofaa sohasida olib borilayotgan siyosatning asosiy yo‘nalishlari, qurolli kuchlarda qonunbuzilishi holatlari va qonunlar ijrosi ustidan prokuror nazorati, harbiylar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi, rahbar faoliyatida kommunikativ kompetentlilik, liderlik psixologiyasi, konfliktli vaziyatlar va ularni boshqarish imkoniyatlari bo‘yicha asosiy bilimlar berilib, qonunchilik asoslari tushuntirildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi qurolli kuchlarida jinoyatga oid ariza, xabar va boshqa ma’lumotlar yuzasidan o‘tkazilayotgan tergovga qadar tekshiruvlarda aniqlanayotgan qonunbuzilish holatlari va ularni bartaraf etish choralari o‘rgatildi.
Kurs natijasi bo‘yicha tinglovchilarga belgilangan tartibda maxsus sertifikatlar taqdim etildi.