2018 yilning 22-23 noyabr kunlari Astana shahrida G'arbiy va Markaziy Osiyo davlatlarining aktivlarni qaytarish bo'yicha norasmiy tarmog'ini tashkil etish yuzasidan ekspertlarning to'rtinchi mintaqaviy uchrashuvi o'tkazilib, unda O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi va Departamenti xodimlari ishtirok etishdi.
Tadbirda Markaziy osiyo mintaqasi hamda Afg'oniston va Pokiston davlatlarining prokuratura, ichki ishlar, moliyaviy jinoyatlarni surishtirish va tergov qilish organlari va boshqa vakolatli tashkilotlari xodimlari, shuningdek Birlashgan Millatlar Tashkilotining Narkotik moddalar va jinoyat boshqarmasi, Yevropa Ittifoqi, Yevropa (CARIN), Janubiy Afrika (ARIN-SA), Osiyo-Tinch okeani (ARIN-AP) tarmoqlarining ekspertlari qatnashishdi.
Tadbir davomida ishtirokchilar va ekspertlar o'zlarining prezentatsiyalarini namoyish etishib, qonunchilik yuzasidan tahlillarini va aktivlarni qaytarish bo'yicha real misollarni keltirishdi hamda bu sohada o'z tajribalari bilan almashishdi. Shu bilan birga uchrashuv ishtirokchilari jinoyatchilarni ularning noqonuniy aktivlaridan mahrum qilishda xatti-harakatlar samaradorligini oshirish maqsadida G'arbiy va Markaziy Osiyo davlatlarining aktivlarni qaytarish bo'yicha norasmiy tarmog'ini tashkil etish dolzarbligini qayd etib o'tishdi.
Uchrashuv yakunlari bo'yicha ishtirokchilar G'arbiy va Markaziy Osiyo davlatlarining aktivlarni qaytarish bo'yicha norasmiy tarmog'i (ARIN-WCA) o'z ish faoliyatini tashkil etganligini e'lon qilishdi va boshqa talabgor davlatlar orasidan O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi boshchiligida Toshkentda doimiy faoliyat olib boruvchi ARIN-WCA tarmog'ining Kotibiyatini tashkil etish to'g'risidagi tashabbusini bir ovozdan qo'llab quvvatladilar.
Tadbir tashkilotchilari hamda boshqa tarmoqlarning ekspertlari ARIN-WCA tarmog'ining o'z ish faoliyatini boshlaganligi va O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasini mazkur tarmoqning doimiy Kotibiyati funksiyasini olib borishi bilan qutladilar.
Ishtirokchilar ARIN-WCA tarmog'i doirasida faol hamkorlik qilishga va uni rivojlantirishga tayyor ekanliklari bildirishdi.