Akademiya boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ye.V.Kolenko boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan viloyatlarga chiqqan holda jinoyatchilikni jilovlash, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish, maishiy korrupsiyaning oldini olish hamda energiya samaradorligini oshirishga oid qonunchilik ijrosi nazorat samaradorligini oshirish mavzularida navbatdagi sayyor o‘quv va amaliy mashg‘ulotlari Samarqand viloyatida tashkil etildi.
Xususan, aralash shaklda o‘tkazilgan tadbirlarda Samarqand viloyat prokuraturasida qayd etilgan sohaga mas’ul bo‘lgan mahkama rahbariyati va xodimlari, tuman prokurorlari va ularning o‘rinbosarlari, yordamchilari, shuningdek viloyat va tuman darajasidagi ichki ishlar organlari tergovchilari ishtirok etishdi.
Ishtirokchilarga “Axborot texnologiyalari yordamida sodir etilgan jinoyatchilik ahvoli, amaliyotdagi muammolar, bu toifadagi jinoyatlarni fosh etish va tergov qilish samaradorligini oshirish” mavzusi doirasida Akademiyaning Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot institutining imkoniyatlari yoritilib, tergovchilar va ularni nazorat qiluvchi prokurorlar uchun kiberjinoyatlarni fosh etish hamda tergov qilishda o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan ekspertiza turlari, Akademiyada tayyorlangan “Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyat ishlarini yuritishda tergovchining yon daftari” uslubiy qo‘llanmadan foydalanish qoidalari haqida tushuntirish berildi.
Navbatdagi o‘quv-amaliy mashg‘uloti “Mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini oshirish” mavzusida o‘tkazilib, unda jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha o‘tkaziladigan kunlik va boshqa muddatli tadbirlar yuzasidan yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar, ularni bartaraf etish va ishni samarali tashkil etish bo‘yicha amaliy misollar yordamida tushuntirib berildi, shuningdek tergov sifatini oshirish yuzasidan tegishli tavsiyalar bildirildi.
O‘quv mashg‘uloti “Korrupsiyaning oldini olish, shu jumladan maishiy korrupsiyaga barham berish” mavzusida davom ettirilib, xodimlarga kundalik hayotda sodir etilayotgan maishiy va ma’muriy korrupsiyaga oid jinoyatlar, ularning oldini olish bo‘yicha kunlik nazorat tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha batafsil taqdimot o‘tkazildi.
Tadbir yakuniy qismida ishtirokchilarga tashkil etilgan “Energiya resurslaridan foydalanish va sarflanishiga oid qonunchilik ijrosi ustidan prokuror nazorati” mavzusidagi o‘quv-amaliy mashg‘ulotida energiya resurslaridan foydalanish va sarflanishiga oid qonunchilik ijrosi ustidan prokuror nazoratini ta’minlash bo‘yicha normativ hujjatlar va sohaviy buyruqlarda belgilangan vazifalar, nazorat tadbirlarida e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan masalalar yoritib berildi.
Akademiya tomonidan joylarga chiqqan holda o‘quv va amaliy mashg‘ulotlari o‘tkazish davom ettiriladi.