O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida O‘zbekistondagi Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya elchixonasi bilan hamkorlikda terrorizmga qarshi kurash masalalariga bag‘ishlangan maxsus treningning ikkinchi bosqichi o‘tkazildi. Ushbu tadbirda jinoyat huquqi va terrorizmga qarshi kurash sohasida katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan Britaniyalik ekspert, jinoyat ishlari bo‘yicha maslahatchi M.Kerroll ishtirok etdi.
Treningning maqsadi – prokuratura organlari xodimlarining terrorizmga qarshi kurash sohasidagi bilim va professional ko‘nikmalarini oshirish, xorijiy davlatlarning ushbu sohadagi ijobiy tajribasini, shuningdek terroristik harakatlarni aniqlash, tergov qilish va unga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘llaniladigan xalqaro huquqiy mexanizmlar va standartlarni o‘rganish hisoblanadi.
Tadbir davomida ishtirokchilar raqamli dalillar bilan ishlash, kiberterrorizm, zamonaviy usullar yordamida ochiq ma’lumotlar manbalaridan dalillarni yig‘ish, tahlil qilish va foydalanish masalalarini muhokama qilishdi.
Tadbirning muhim qismi sifatida ishtirokchilar tomonidan amaliyotdagi raqamli dalillar bilan bog‘liq real keyslarni aktiv muhokama qilish, prokuratura organlari xodimlarining terrorizm bilan bog‘liq jinoyatlarni tergov qilishda duch keladigan mavjud muammolarni aniqlash hamda ularni xorijiy tajribaga tayangan holda bartaraf qilish bo‘yicha hamkorlikda takliflarni ishlab chiqish jarayoni bo‘ldi.
Trening ishtirokchilar tomonidan yuqori baholandi, mazkur tadbirlar turkumi davom ettiriladi.