O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi vakili G‘arbiy va Markaziy Osiyo davlatlarining aktivlarni qaytarish bo‘yicha noformal tarmog‘i (ARIN-WCA) doimiy Kotibiyatining vazifalarini amalga oshirishi doirasida CARIN tarmog‘i Kotibiyati (Yevropol) tomonidan tashkillashtirilgan jinoiy aktivlarni qaytarish bo‘yicha noformal tarmoqlarning (ARIN) kotibiyatlari va raislik qiluvchi davlatlari vakillarining 11-uchrashuvida ishtirok etdi.
Uchrashuvda hozirgi kunda faoliyat yuritayotgan barcha majud ARIN tarmoqlari (CARIN, ARIN-AP, ARIN-CARIB, ARIN-EA, ARINSA, RRAG, ARIN-WCA, MENA-ARIN, ARIN-CA), kotibiyatlari va raislik qiluvchi davlatlari, shuningdek Yevropol tashkilotining moliyaviy razvedka sohasida davlat xususiy hamkorlik tarmog‘i (EFIPP), Yevropa moliyaviy va iqtisodiy jinoyatlar markazi (EFECC), Aktivlarni qaytarish loyihasi (AR), Terrorizmga qarshi kurashish markazi (TFTP), Yevropa Komissiyasi, Yevropa prokuraturasi (EPPO), Buyuk Britaniya Jinoyatlarga qarshi kurashish milliy agentligi (NCA), Latviya aktivlarni qaytarish ofisi, Xalqaro hamkorlik bo‘yicha Germaniya jamiyati (GIZ) fondi vakillari hamda mas’ul xodimlari qatnashishdi.
Tadbir ishtirokchilari uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashishning asosiy tarkibi sifatida jinoiy aktivlarni qaytarish bo‘yicha noformal tarmoqlarning o‘rni va ahamiyatini e’tirof etishib, ushbu tarmoqlarning samaradorligini yanada oshirish, davlatlarning aktivlarni qaytarish sohasidagi noformal aloqalarining muhimliligi, samarali hamkorlikni amalga oshirish va mavjud muammolarni birgalikda bartaraf etish maqsadida ishtirok etuvchi davlatlar doirasini kengaytirish, asosiy vazifa va yo‘nalishlarni belgilash, professional aloqalarni o‘rnatish va ularni yanada chuqurlashtirish, mazkur sohadagi yangi bilim va tajribalar bilan almashish kabi masalalarni muhokama qilishdi.
Uchrashuvda ARIN-WCA tarmog‘ining yangi tashkil etilgan ARIN-SA (Markaziy Afrika davlatlari) va MENA-ARIN (Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika davlatlari) tarmoqlariga kuzatuvchi sifatida qo‘shilish masalasini ko‘rib chiqish taklifi bildirildi. Bu esa o‘z navbatida ARIN-WCA a’zolarining Yaqin Sharq, Markaziy Afrika va Shimoliy Afrika davlatlari yurisdiksiyalari bilan hamkorlik geografiyasini kengaytirish uchun xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha ishtirokchilar tomonidan kelgusida muhokama qilinadigan muhim masalalar belgilab olindi, faol hamkorlik qilish va ARIN doirasida aloqalarni yanada mustahkamlashga tayyor ekanliklari bildirildi.