Ozarbayjon Respublikasining Boku shahrida o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashuvchi huquqni muhofaza qiluvchi organlarning global operativ tarmog‘i (GLOBE Network) 6-yalpi yig‘ilishi doirasida G‘arbiy va Markaziy Osiyo davlatlarining aktivlarni qaytarish bo‘yicha idoralararo tarmog‘i (ARIN-WCA) faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq alohida konsultativ yig‘ilish tashkil qilindi.
Mazkur yig‘ilish BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (UNODC), GLOBE tarmog‘i, ARIN-WCA doimiy kotibiyati – O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan tashkil qilinib, unda ARIN-WCAga a’zo davlatlar Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Eron, bundan tashqari Ozarbayjon, Saudiya Arabistoni, UNODC, GLOBE vakillari (30 nafarga yaqin) ishtirok etishdi.
Tadbirda dastlab ARIN-WCA doimiy Kotibiyati va a’zo davlatlar vakillarining hisoboti tinglanib, ARIN-WCAga a’zo davlatlar o‘rtasida tarmoq samaradorligi yuzasidan o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari muhokama qilindi.
Shuningdek, mazkur tarmoq faoliyatini kelgusida yanada yaxshilash, xususan, tarmoq geografiyasini kengaytirish, unga yangi a’zolar va kuzatuvchilarni qo‘shish, ARIN-WCA veb-saytini takomillashtirish, 2025-2027-yillar uchun strategik rejasini qabul qilish, a’zo davlatlar vakillarining jinoiy aktivlarni qaytarish bo‘yicha hamda yangi chaqiriqlar bo‘yicha bilim va salohiyatini oshirish, tegishli davlatlar va keyslar misolida treninglar, seminar va vebinarlar o‘tkazish, tashkiliy hujjatlarni takomillashtirish, tarmoq faoliyati bo‘yicha ekspert ishchi guruhlarini tashkil etish va mas’ullarni belgilash, amaliy tadbirlarni ko‘paytirish, so‘rovlar natijadorligini oshirish, xususiy sektor va fuqarolik jamiyatini ko‘proq jalb qilish, tarmoq faoliyatini moliyalashtirish, axborot almashish tizimini takomillashtirish va boshqa tarmoqlar axborot almashish tizimidan foydalanish, EGMONT, FATF, CASC, GLOBE tarmoqlari bilan yaqin aloqalarni yo‘lga qo‘yish, 2025-yilda ARIN-WCA Boshqaruv guruhi yangi a’zolari hamda tarmoqda Raislik qiluvchi davlatni saylash kabi tashkiliy masalalar ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda ARIN-WCA tarmog‘ining GLOBE tarmog‘iga kuzatuvchi sifatida qo‘shilish masalasini ko‘rib chiqish taklifi bildirildi. Bu esa o‘z navbatida ARIN-WCAning yangi yurisdiksiyalar bilan hamkorlik geografiyasini kengaytirish uchun xizmat qiladi.
Konsultativ yig‘ilish samarali, ishchan va konstruktiv ruhda o‘tkazilib, ishtirokchilar kelgusida jinoiy aktivlarni qaytarish sohasida yanada faol hamkorlik qilishga hamda ARIN-WCA tarmog‘ini rivojlantirishga tayyor ekanliklarini tasdiqlashdi.