Joriy yilning 28 noyabr kuni Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti (IHRT) bilan hamkorlikda “Jamoat tartibini ta'minlash sohasida jinoyatchilikni oldini olish va korruptsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbir IHRTning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha tarmoq delegatsiyasi va ekspertlarining O'zbekistonga tashrifi doirasida bo'lib o'tdi.
Ma'lumot uchun: Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha IHRTning tarmog'i 1998 yilda tashkil etilgan bo'lib, korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha a'zo mamlakatlarning sa'y harakatlarini qo'llab quvvatlanishi uchun mo'ljallangan.
O'zbekiston 2010 yildan buyon korruptsiyaga qarshi kurash bo'yicha Stambul harakat rejasi orqali qatnashib kelmoqda (2003 yildan beri korrupsiyaga qarshi kurashish islohotlarini mintaqaviy hamkorlik dasturi asosida Ozarbayjon, Armaniston, Gruziya, Qozog'iston, Mongoliya, Tojikiston, Ukraina hamda O'zbekiston mamlakatlarida kuzatuv va monitoringlar orqali qo'llab-quvvatlamoqda).
Davra suhbatida Oliy sud, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, IIV Akademiyasi, Davlat xavfsizlik xizmati instituti, Milliy gvardiya harbiy-texnik instituti hamda Toshkent davlat yuridik universiteti vakillari ishtirok etdilar.
Tarmoq menejeri Olga Savran, IHRT eksperti Yekaterina Zguladze va Ruminiya Ichki ishlar vazirligi vakili Mixay Barlichi o'zlarining Gruziya, Ukraina, Ruminiya va boshqa davlatlardagi politsiya faoliyatida korrupsiyaga qarshi standartlarning joriy etilishi borasidagi tajribalari bilan o'rtoqlashishdi.
Ishtirokchilar ichki ishlar organlarida va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi tizimlarda halollikni ta'minlash, muvaffaqiyatli amaliyotlar hamda mamlakatda korrupsiyaga qarshi islohotlarni amalga oshirish bo'yicha qo'yilgan vazifalar haqida fikr almashishdi.