Huquqni muhofaza qilish akademiyasida “Raqamli transformatsiya davrida huquqni muhofaza qilish sohasidagi zamonaviy chaqiriq va tahdidlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya doirasida “Yoshlar – korrupsiyaga qarshi harakat yetakchilari” mavzusidagi maxsus o‘quv-seminari tashkil etildi.
Aralash shakldagi o‘quv-seminari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti bilan hamkorlikda o‘tkazilib, unda jami 200 nafarga yaqin Yoshlar parlamentining a’zolari qatnashdi.
O‘quv tadbiri Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi a’zolari, Yoshlar parlamenti raisi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Yoshlar ishlari agentligi va Huquqni muhofaza qilish akademiyasi vakillari tomonidan olib borildi.
Tadbirda Yoshlar parlamentining a’zolariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-apreldagi PF–71-son Farmoni mazmun-mohiyati, mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohalarida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, yoshlar, shu jumladan Yoshlar parlamentining korrupsiyaga qarshi kurashishda o‘rni va ahamiyati, shuningdek yoshlar tomonidan amalga oshirilayotgan bu boradagi loyihalar xususida batafsil ma’lumot berildi.
Interaktiv tarzda tashkil etilgan o‘quv-seminari yoshlarga korrupsiyaga qarshi kurashishda faol ishtirok etishga doir zarur bilim va malakalarini yanada oshirishga imkon berdi.