Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tinglovchilari uchun sayyor mashg‘ulot

Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tinglovchilari uchun sayyor mashg‘ulot


O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida prokuratura organlarida rahbarlik lavozimlarini egallash uchun zahirada turgan kadrlarni kasbiy qayta tayyorlash bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda. O‘quv jarayoni nazariy va amaliy mashg‘ulotlarni samarali uyg‘unlashtirish asosida tashkil etilgan bo‘lib, sayyor mashg‘ulotlarni ham o‘z ichiga oladi.

Shu munosabat bilan, Toshkent shahar IIBB XPB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish Markazida sayyor mashg‘ulot o‘tkazildi.

Mashg‘ulot davomida tinglovchilar Markazning faoliyati, asosiy vazifalari va funksiyalari, shuningdek, qiyin hayotiy sharoitga tushib qolgan voyaga yetmaganlarga kompleks yordam ko‘rsatish uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar. Xususan, idoralararo hamkorlik va o‘smirlar bilan individual ishlash amaliyotiga alohida e’tibor qaratildi.

Qatnashchilar o‘zlarini qiziqtirgan dolzarb savollarga javob oldilar, voyaga yetmaganlarning huquqlarini himoya qilish sohasidagi amaliy masalalarni muhokama qildilar va muassasa hududi bo‘ylab ekskursiyada ishtirok etdilar.

Ushbu mashg‘ulot prokuratura organlari rahbar kadrlarini tayyorlash doirasida o‘tkazilayotgan amaliy mashg‘ulotlarga yo‘naltirilgan tadbirlar silsilasining bir qismi bo‘lib, tinglovchilarning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qildi.