Mintaqaviy hamkorlik tashkiloti ko‘magida Akademiya vakillari AQSH Federal huquqni muhofaza qilish xodimlarini tayyorlash markazi (FLETC)ga tashrif buyurdilar.
Tashrif doirasida Akademiya xodimlari mazkur markazning asosiy faoliyat yo‘nalishlari, ya’ni AQSHning 130 dan ortiq huquqni muhofaza qilish tuzilmalari uchun kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan tizimi, ta’lim dasturlarini akkreditatsiyalash amaliyoti, zamonaviy infratuzilmasi, shuningdek tinglovchilarning ta’lim olishi va yashashi uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda o‘quv-immitatsiya komplekslari bilan yaqindan tanishdilar.
Jumladan, kiberjinoyatlarni tergov qilish va raqamli kriminalistika sohalari bo‘yicha kadrlar tayyorlashda qo‘llanilayotgan eng ilg‘or dasturiy ta’minot va texnika vositalari imkoniyatlari bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.
Tashrif yakunida har ikki ta’lim muassasasining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha tajriba almashish hamda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarini tayyorlash sohasida yaqin hamkorlik o‘rnatish masalalari muhokama qilindi.