O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi tomonidan Belarus Respublikasi ilmiy-o'quv muassalari bilan imzolangan ta'lim va ilmiy-tadqiqot faoliyati sohasida hamkorlik to'g'risidagi memorandumlarni amalga oshirish bo'yicha ishlar davom etmoqda.
Masalan, Belarus Respublikasi Bosh prokuraturasining Qonuniylik va huquq-tartibotni mustahkamlash ilmiy-amaliy markazi tashabbusi bilan tashkillashtirilgan «Jamiyatda ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni ta'minlashda huquqni muhofaza qilish funktsiyalarini amalga oshirish samaradorligi muammolari» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi ishtirok etdi.
Mazkur tadbirda Latviya, Litva, Rossiya, Serbiya va Ukraina mamlakatlarining prokuratura xodimlari va olimlari, shuningdek Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi ishtirokchi-davlatlarining Bosh prokurorlari Muvofiqlashtiruvchi kengashi, Belarus Respublikasi Bosh prokuraturasi va Tergov qo'mitasi rahbariyati ishtirok etdi.
Ushbu konferensiyada O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasining bo'limi boshlig'i B.Kayumov O'zbekiston Respublikasi prokuratura organlari tizimida amalga oshirilayotgan institutsional o'zgarishlar bo'yicha ma'ruza qildi.
Shuningdek, tashrif davomida Belarusiya davlat universitetining Sudyalar, prokuratura, sud va adliya muassasalari xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti direktori V.Godunov bilan uchrashuv bo'lib o'tdi.