Xalqaro treningda ishtirok

Xalqaro treningda ishtirok

Korrupsiyaga qarshi kurashish, moliyaviy huquqbuzarliklarni aniqlash va oldini olish sohasida prokuratura organlari xodimlarini sifatli tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish maqsadida Bosh prokuratura Akademiyasi xodimlari muntazam ravishda xalqaro treninglarda ishtirok etib kelmoqda.

Xususan, AQShning O'zbekistondagi elchixonasi taklifiga binoan Akademiya, Bosh prokuratura va IIV xodimlari 2018 yilning 26-30 noyabr kunlari Budapesht shahridagi (Vengriya) Xalqaro huquqni muhofaza qiluvchi organlar akademiyasida (ILEA) “Moliyaviy jinoyatlarni tergov qilish metodlari” mavzusidagi o'quv kursida ishtirok etishdi.

O'quv kursida O'zbekiston Respublikasi vakillaridan tashqari Qozog'iston, Gruziya va Slovakiyaning huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlari qatnashdi.

Xalqaro huquqni muhofaza qiluvchi organlar akademiyasi 1995 yilda AQSH Davlat departamenti tomonidan pulni yuvish, moliyaviy va boshqa jinoyatlarni aniqlash va tergov qilish maqsadida barcha davlatlarning huquqni muhofaza qiluvchi organlarini birlashtirish  uchun tuzilgan.

Moliyaviy jinoyatlarni tergov qilish metodikasi bo'yicha tashkil etilgan kurs moliyaviy foyda olish motivi bo'lgan jinoyatlarni aniqlash, tergov qilish va fosh etish uchun kriminalistik buxgalteriya metodidan foydalanishga qaratilgan.

Ishtirokchilarga kurs yakunida ularni yakunlaganligi bo'yicha sertifikatlar taqdim etildi.