O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi Xalqaro huquq va inson huquqlarini himoya qilish kafedrasi boshlig‘i L.X Isoqov Fransiyaning yetakchi ilmiy markazlaridan biri – Parij-Sakle universitetida ilmiy stajirovka o‘tab qaytdi. U «Markaziy Osiyodan kelgan migrantlar huquqlarini himoya qilish: huquqiy asoslar, davlat siyosati va amaliyot» mavzusida tadqiqotni amalga oshirdi.
Stajirovka Atlas Postdoc dasturi doirasida Parij-Sakle universiteti, Ijtimoiy fanlar uyi jamg‘armasi (FMSH) hamda Fransiyaning Markaziy Osiyo bo‘yicha ilmiy instituti (IFEAC) hamkorligida tashkil etildi. Mazkur nufuzli tashabbus 2019-yildan keyin PhD ilmiy darajasini olgan, fransuz tilini erkin biluvchi va oliy ta’lim yoki davlat tashkilotlarida faoliyat yurituvchi Markaziy Osiyolik yosh tadqiqotchilarga qonun ustuvorligi, inson huquqlari va zamonaviy huquqiy muammolar yo‘nalishida tadqiqotlar olib borish imkonini beradi.
Stajirovka davomida L.Isoqov Markaziy Osiyolik migrantlarning huquqiy maqomi, ularni qabul qiluvchi davlatlarning siyosatlari, vizaviy va migratsiya huquqlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan o‘zaro hamkorlik hamda ijtimoiy himoya tizimini tahlil qildi. Ushbu tadqiqot natijalari Parij-Sakle universitetida tashkil etilgan ilmiy seminarda taqdim etildi va professor-o‘qituvchilar, magistrantlar hamda doktorantlar tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olindi.
Shuningdek, stajirovka doirasida «O‘zbekistonning migratsiya sohasidagi huquqiy siyosati» mavzusida maqola tayyorlandi va Yevropa xalqaro migratsiya jurnalida chop etish uchun taqdim etildi. Maqolada O‘zbekiston milliy qonunchiligining xalqaro majburiyatlar bilan uyg‘unligi, inson huquqlarini ta’minlash bo‘yicha yondashuvlar, migratsiya jarayonlarini boshqarish mexanizmlari va migrantlarni jamiyatga integratsiya qilish masalalari tahlil qilingan.
Stajirovka yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonda ilmiy-tadqiqot infratuzilmasini rivojlantirish, ilmiy kadrlar salohiyatini oshirish va xalqaro ilmiy hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan amaliy takliflar ishlab chiqildi. Xususan, tadqiqot natijalarini ochiq muhokama qilish madaniyatini shakllantirish va xalqaro ilmiy forumlarda faol ishtirokni ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Mazkur chora-tadbirlar mamlakatimiz ilmiy salohiyatini mustahkamlash va O‘zbekistonni global akademik hamjamiyatga samarali integratsiyalashuviga xizmat qilishi kutilmoqda.