Akademiya vakillari Moskvada bo‘lib o‘tgan xalqaro seminarda ishtirok etdi

Akademiya vakillari Moskvada bo‘lib o‘tgan xalqaro seminarda ishtirok etdi


Joriy yilning 15–17-iyul kunlari Moskva shahrida Moliyaviy monitoring bo‘yicha xalqaro o‘quv-uslubiy markazi tomonidan tashkil etilgan “Yevroosiyo guruhiga (YEOG) a’zo davlatlarning jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish (JDL/TMQK) milliy tizimlari uchun kadrlar tayyorlashda ishtirok etuvchi ta’lim muassasalarining salohiyatini mustahkamlash” mavzusidagi xalqaro seminarda O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi vakillari ishtirok etishdi.

Seminar davomida Akademiya vakillari tomonidan Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondan kelgan ishtirokchilar bilan birgalikda JDL/TMQK sohasida milliy kasbiy standartlar, oliy ta’lim uchun o‘quv dasturlari, o‘quv-uslubiy materiallar va baholash vositalari fondini ishlab chiqish va joriy etish, o‘quv modullarini yaratishning huquqiy asoslari, ta’lim dasturlarining mazmuni va tuzilmasi, qo‘shimcha kasbiy modullarni ishlab chiqish, o‘qitish va natijalarni baholash texnologiyalari kabi qator muhim masalalar muhokama qilindi.

Shuningdek, ishtirokchilar tomonidan Moliyaviy monitoring bo‘yicha xalqaro o‘quv-uslubiy markazi (MUMSFM) tomonidan ishlab chiqilgan “Birlamchi moliyaviy monitoring subyektlarining Rossiya Federatsiyasi JDL/TMQK tizimidagi roli” mavzusidagi malaka oshirish bo‘yicha qo‘shimcha ta’lim dasturi hamda “JDL/TMQK sohasida moliyaviy monitoring bo‘yicha mutaxassis” kasbiy standarti tahlil etildi.

Mazkur seminar ochiq va konstruktiv muloqot ruhida o‘tdi hamda ishtirokchilarning JDL/TMQK sohasida mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash borasidagi bilim va amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlashga, shuningdek ushbu yo‘nalishdagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va ilg‘or tajribalarni o‘zaro almashishga xizmat qildi.