O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida O‘zbekiston Respublikasi Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha Milliy komissiyasi tomonidan Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot / BMTning Migratsiya agentligi hamkorligida “Odam savdosiga qarshi kurashda global chaqiriqlar: jamiyatning roli va xalqaro hamkorlik” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi. Ushbu anjuman 30-iyul — Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni munosabati bilan tashkil etildi.
Tadbirda davlat idoralari, fuqarolik jamiyati institutlari, ilmiy doiralar, xalqaro tashkilotlar va diplomatik vakolatxonalardan 110 dan ortiq mutaxassis va ekspertlar ishtirok etdi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi Xalqaro huquq va inson huquqlarini himoya qilish kafedrasi mudiri, yuridik fanlar doktori, professor L.X.Isoqov “Odam savdosi va inson huquqlari: xalqaro standartlar va milliy majburiyatlar” mavzusida ma’ruza bilan ishtirok etdi. U o‘z chiqishida odam savdosiga qarshi kurash sohasida amal qilayotgan xalqaro-huquqiy mexanizmlar, inson huquqlarini ta’minlashda davlatlar zimmasidagi majburiyatlar hamda milliy qonunchilikdagi islohotlar tahliliga alohida e’tibor qaratdi.
Tadbirda globallashuv sharoitida odam savdosi jinoyati nafaqat ayrim shaxslar, balki butun jamiyat xavfsizligi va barqarorligiga tahdid solayotgani, dunyo bo‘yicha har yili millionlab insonlar mazkur illat qurboniga aylanayotgani va raqamlar oshib borayotgani alohida ta’kidlandi. Konferensiya doirasida “Odam savdosi: zamonaviy tahdidlar va tendensiyalar”, “Odam savdosiga qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikning o‘rni”, “Jabrlanuvchilarni himoya qilishda fuqarolik jamiyati institutlarining ahamiyati” kabi yo‘nalishlarda sessiyalar bo‘lib o‘tdi.
Muloqotlar chog‘ida raqamli muhitda odam savdosining yangi shakllari paydo bo‘layotgani, transchegaraviy muvofiqlashuvning ahamiyati va nodavlat sektori ishtirokining samaradorligi kabi masalalar muhokama qilindi. Anjuman natijasida milliy yutuqlar sarhisob qilindi, ilg‘or xalqaro tajriba o‘rganildi va sohadagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.