Xalqaro tadqiqot loyihasining taqdimoti

Xalqaro tadqiqot loyihasining taqdimoti


Huquqni muhofaza qilish akademiyasida xorijiy va milliy oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot va aqliy markazlar bilan qo‘shma konsorsium doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan POLCA (G‘arbiy bo‘lmagan jamiyatlarda huquqiy va boshqaruv islohotlarining siyosiy iqtisodiyoti: Markaziy Osiyodan nazar) loyihasining milliy taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Loyiha Yevropa, Shimoliy Amerika va Osiyodagi 30 dan ortiq hamkor tashkilotlarni birlashtirib, fanlararo tadqiqot va ta’lim dasturlarini taklif etadi. Loyiha 2026-2029-yillarda Lund universiteti (Shvetsiya) koordinatsiyasida amalga oshiriladi. Tadqiqot turli huquqiy an’analarning uyg‘unligini o‘zida ifodalovchi Markaziy Osiyo davlatlarida o‘tkaziladi.

Mazkur tadqiqot loyihasi G‘arb madaniyatiga mansub bo‘lmagan mamlakatlarda boshqaruv va qonun ustuvorligini ta’minlashga oid ijobiy tajribalarni tadqiq etishga qaratilgan. Loyiha G‘arb institutlari va huquqiy modellarini ko‘chirishga asoslangan an’anaviy yondashuvdan farqli ravishda, kundalik boshqaruv, huquq va ijtimoiy munosabatlarni amalda belgilaydigan mahalliy, an’anaviy va norasmiy muqobil institutlar va me’yorlarni o‘rganishga e’tibor qaratadi

Loyiha universal g‘arb modellariga emas, balki mahalliy shart-sharoit va qadriyatlarga asoslangan takliflarni ishlab chiqishni nazarda tutadi.