Bosh prokuratura Akademiyasida soliq va bojxona qonunchiligiga 2019 yildan boshlab kiritilayotgan o'zgartirish va qo'shimchalar yuzasidan videokonferensaloqa rejimida o'quv seminari o'tkazildi. Tadbirda prokuratura, davlat soliq va bojxona xizmatlari xodimlari ishtirok etdi.
Seminarda Bosh prokuror o'rinbosari A.Mavlonov, Davlat soliq qo'mitasi o'rinbosari E.Gadoev, Davlat bojxona qo'mitasi o'rinbosari M.Soliev va Bosh prokuratura Akademiyasi boshlig'i YE.Kolenko ma'ruza qildi.
O'quv seminari davomida soliq va bojxona islohotlarini amalga oshirishda prokuratura organlariga yuklatilgan vazifalarni boshqa mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda amalga oshirish mexanizmlari, soliq siyosatida nazarda tutilayotgan o'zgarishlar, bojxona imtiyozlarini taqdim etish hamda eksportni qo'llab-quvvatlash bo'yicha amalga oshirilayotgan islohotlar atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, tadbirda Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan ishlab chiqilgan masofaviy (elektron) ta'lim shaklidagi o'quv kurslari platformasi taqdimoti o'tkazildi.
Davlat soliq xizmati organlarini soliq to'lovchilarning biznes-hamkori va maslahatchisi sifatida servisga yo'naltirilgan xizmatga aylantirish, byudjetga qo'shimcha daromadlar zahiralarini aniqlash, yangi soliqqa tortish tizimiga bir tekis o'tishni ta'minlash kabi dolzarb masalalar o'quv kursi dasturini ishlab chiqishda asos bo'lib xizmat qildi.
Mazkur platforma tashkil etilayotgan kursning bir qator qulayliklari va afzalliklarini ta'minlovchi innovatsion ta'lim texnologiyalaridan foydalangan holda hududiy davlat soliq xizmati organlari xodimlarini masofaviy o'qitishni nazarda tutadi.
Xodim platforma tomonidan taqdim etilgan imkoniyatlardan foydalanib Internet tarmog'i orqali o'ziga qulay bo'lgan vaqtda va istalgan joydan turib mustaqil ta'lim olish, ta'lim platformasida yaratilgan forum yoki chatlar orqali o'zini qiziqtirgan savollariga mutaxassislardan javob olish, shuningdek, real holatlarga asoslangan amaliy topshiriqlarni (muammoli vaziyat, kazus, test) yechish orqali o'zining bilimini mustahkamlash imkoniyati mavjud. Bunday ta'lim shakli qisqa muddat ichida tinglovchilarning joylashgan manzili va sonidan qat'iy nazar istalgan turdagi o'qitiladigan kontingentni qamrab olish imkonini beradi.
O'quv seminarida hududiy studiyalardan qatnashgan ishtirokchilar o'zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.