Bosh prokuratura Akademiyasi Jinoyatlarning sodir etilishi sabablarini tizimli tahlil qilish va o'rganish markazi xodimlari joriy yilning 4-6 dekabr kunlari BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo'yicha boshqarmasining Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy vakolatxonasi tomonidan tashkil etilgan “Jinoyatchilik haqidagi hisobotlarni ishlab chiqish, yig'ish va hisobdorlik sohasidagi salohiyatni mustahkamlash” mavzusidagi mintaqaviy seminarda ishtirok etishdi.
Tadbirda O'zbekiston Respublikasining Oliy sudi, IIV va Statistika bo'yicha davlat qo'mitasi vakillari hamda Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston va Turkmaniston davlatlarining huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlari qatnashdi.
Seminar BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo'yicha boshqarmasining ma'lumotlarni ishlab chiqish va tarqatish bo'limi xalqaro ekspertlari M.Yandl, U.Akakzia va U.Raxmonberdiev tomonidan o'tkazildi.
Jinoyatlarning statistik xalqaro klassifikatsiyasi dunyoning turli davlatlarida jinoyatlarni hisobga olishda mavjud statistik ma'lumotlarni umumiy klassifaktorlar asosida tizimlash va xalqaro taqqoslanishini ta'minlash, milliy va xalqaro darajadagi tahliliy imkoniyatlarni kengaytirishda ifodalanadi.
Tadbir davomida jinoyat haqidagi statistik ma'lumotlarni yig'ish, tahlil qilish va taqdim qilish tizimini joriy qilish masalalari hamda xalqaro jinoyatlar klassifikatsiyasini ishlab chiqishdagi muammolar va ularning yechimini topish masalalari muhokama qilindi.
O'quv mashg'ulotlari natijasi bo'yicha tinglovchilarga namunadagi sertifikatlar topshirildi.