Bosh prokuratura Akademiyasida Bosh prokuratura huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta'minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi bilan hamkorlikda joylardagi Inspektsiya xodimlari ishtirokida videokonferensaloqa rejimida respublika seminar treningi bo'lib o'tdi.
Seminar treningda Qishloq xo'jaligi va Suv xo'jaligi vazirliklari, “O'zpaxtasanoat” AJ, O'zdonmahsulot” AK kabi mutasaddi idoralarning malakali mutaxassis-ekspertlari o'zlarining ma'ruzalari bilan qatnashdilar.
Amaliyotda mavjud muammolar, yuzaga kelayotgan dolzarb masalalar tahlilidan kelib chiqqan holda, seminar ishtirokchilarining asosiy e'tibori qishloq xo'jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohasida davlat siyosatining asosiy yo'nalishlari, paxta va don ekinlari urug'larini sifatli tayyorlash, saqlash hamda fermer xo'jaliklariga yetkazib berishning o'ziga xos jihatlari, suv resurslaridan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish, yerlarning meliorativ holati yaxshilanishini ta'minlash bo'yicha ko'rilayotgan chora-tadbirlar muhokamasiga qaratildi.
Seminar qizg'in bahs-munozara ruhida o'tkazilib, ishtirokchilar o'zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar va amaldagi qonunchilik hamda mexanizmlarni takomillashtirish bo'yicha o'z takliflarini bildirdilar.
Ishtirokchilarning fikriga ko'ra, bu kabi tadbirlar kelgusida mavjud muammolar va ularning yechimini muhokama qilish bo'yicha maydon bo'lib xizmat qiladi.