O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasining Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan Sirdaryo viloyat prokuraturasida ixtisoslashtirilgan seminar-mashg‘uloti tashkil etildi.
Seminar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning 2024-yil 21-iyundagi “Raqamli kriminalistika sohasida ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil yetish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-229-son qarori ijrosi doirasida o‘tkazildi.
Tadbirda Sirdaryo viloyat prokuratura organlari tergovchi va prokurorlari ishtirok etdilar. Seminar davomida raqamli dalillar bilan samarali ishlashga yordam beruvchi “maxsus jamlanma”ni ishlab chiqish va uni amaliyotga bosqichma-bosqich joriy etish masalalari batafsil muhokama qilindi.
Taqdim etilgan maxsus jamlanma zamonaviy raqamli kriminalistikaning texnik vositalari bilan jihozlangan bo‘lib, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining jinoyatlarni ochishdagi faoliyatini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi. Bu vositalar yordamida raqamli dalillarni samarali to‘plash, tahlil qilish va ishlash imkoniyati yaratiladi.
Seminar ishtirokchilariga raqamli dalillar bilan ishlash ko‘nikmalarini mustahkamlash va zamonaviy jinoyatlarni tergov qilishda innovatsion yondashuvlarni o‘zlashtirish imkonini berdi. Tadbir natijalari raqamli kriminalistika sohasidagi salohiyatni oshirish va huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatiga ilg‘or usullarni joriy etishga muhim hissa qo‘shadi.