2025/2026 o‘quv yildan O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida bakalavriatning "Prokurorlik faoliyati" ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha masofaviy ta’lim shaklida o‘qitish boshlandi.
O‘quv jarayoni boshlanishi doirasida talabalar uchun o‘quv-tanishuv tadbirlari tashkil etildi. Tadbirlar davomida ishtirokchilarga masofaviy ta’limni tashkil etish tartib-taomillari, yaratilgan shart-sharoitlar va dasturni samarali o‘zlashtirish uchun berilgan imkoniyatlar atroflicha tushuntirib berildi.
Talabalar Akademiyaning elektron ta’lim resurslaridan foydalanish, elektron axborot-ta’lim platformasi negizida darslarni o‘zlashtirish, shuningdek, o‘quv topshiriqlarini bajarish va nazorat turlarini topshirish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar.
Masofaviy ta’lim shaklining yo‘lga qo‘yilishi Akademiyaning ta’lim imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan navbatdagi muhim qadam bo‘lib, zamonaviy raqamli texnologiyalardan foydalangan holda prokurorlik faoliyati sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qiladi.