O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 iyunda Olmazor tumaniga tashrifi chog'ida bergan topshirig'iga muvofiq, Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan ichki ishlar organlari tuman (shahar) tergov bo'limlari boshliqlari uchun ilk marotaba ikki haftalik malaka oshirish kurslari tashkil etildi.
Mazkur kurslar dasturi ichki ishlar organlari tuman (shahar) tergov bo'limlarining huquqni qo'llash amaliyoti va ularning faoliyatida mavjud bo'lgan tizimli muammo va kamchiliklarni tahlil qilish asosida shakllantirildi.
Amaliyotga yo'naltirilgan ushbu kurslar davomida tergov faoliyatini tashkil etishga qaratilgan vaziyatli treninglar, guruh loyihalari, keys kabi o'qitish metodlarini o'z ichiga olgan interfaol o'qitish tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, kurslar doirasida ichki ishlar organlari xodimlarining ishlarni tashkil qilish va boshqarish, tizimli tahlil va tanqidiy fikrlash bo'yicha kompetensiyalarini oshirish
maqsadida amaliy mashg'ulotlar o'tkazilmoqda.
O'quv kurslari yakunida tinglovchilarga tegishli namunadagi sertifikatlar topshiriladi.