O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida “Ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish istiqbollari: muammo va yechimlar” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyaning maqsadi – ilmiy tadqiqotlar sohasidagi zamonaviy muammolarni muhokama qilish, mavjud mauammolarni hal etish va unga innovatsion yondashuvlarni joriy etish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va ilmiy faoliyatning samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Konferensiyada 30 ga yaqin davlat ta’lim tashkilotlari 100 dan ziyod huquqshunos olimlar, Finlyandiyaning Tampere tajriba va rivojlantirish Markazi direktori, Finlyandiya ta’limini eksport qilish sohasida mutaxassis, Akademiyaning professor-o‘qituvchilari, Bosh prokuratura, Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi va vazirlik huzuridagi OAK, Innovatsion rivojlanish agentligi, Parlament tadqiqotlari instituti, Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti, Odil sudlov akademiyasi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, oliy yuridik ta’lim muassasalari vakillari, mustaqil izlanuvchilar, tayanch doktorantlar, magistratura tinglovchilari ishtirok etishdi.
Konferensiyada ilmiy sohada yuridik fanlar ixtisosligi bo‘yicha kadrlar tayyorlash sifatini oshirishning dolzarb masalalari, huquqiy fan va ilmiy tadqiqotlarda raqamli inqilob, sun’iy intellekt asosida yaratilgan kontentlarning istiqbollari, ilmiy darajali kadrlar tayyorlash sohasidagi islohotlar va kelgusidagi rejalar, kursantlarni ilmiy tadqiqot faoliyati bilan shug‘ullanish muammolari va istiqbollari, ilmiy-tadqiqot jarayonida yosh tadqiqotchilar salohiyati: muammo va yechimlar, ijtimoiy xavf guruhiga kiruvchi yoshlar muammolarini hal qilishda yuridik klinikaning ahamiyati, ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazishda mavjud muammolar haqida ba’zi mulohazalar kabi yo‘nalishlar bo‘yicha ilmiy ma’ruzalarga keng e’tibor qaratildi.
Konferensiya huquqni muhofaza qilish sohasida ilmiy tadqiqotlarning mavjud holatini baholash hamda bu yo‘nalishdagi kelgusi rivojlanish strategiyalarini shakllantirishda muhim platforma vazifasini o‘tadi. Shu bilan birga, sohaning ilmiy va ta’limiy jihatlarini tahlil qilish orqali uning istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlarini belgilash tadbir ishini jonli ruhda o‘tishiga xizmat qildi.
Ilmiy-amaliy konferensiyasi yakunida ishtirokchilar tomonidan kelgusida ilmiy tadqiqotlarning xususan, yuridik sohadagi barcha tarmoqlarini rivojlantirishda hamda huquqni qo‘llash amaliyotidagi masalalar bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikni amalga oshirish, ilmiy-amaliy tajriba almashishga kelishib olindi.
Ishtirokchilar konferensiya natijasi bo‘yicha chop etiladigan materiallar to‘plamiga o‘z ilmiy maqola va tezislarini taqdim etishlari mumkin.