O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-iyuldagi “Siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini o‘rganish, targ‘ib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish to‘g‘risida”gi qaroriga binoan har yili oktyabrning birinchi haftasi Siyosiy qatag‘on qurbonlarini yod etish haftaligi sifatida belgilangan. Ushbu qaror ijrosi doirasida 2025-yil 3-oktyabr kuni Huquqni muhofaza qilish akademiyasida Fanlar akademiyasi Tarix instituti bilan hamkorlikda “Millat qatag‘oni va oqibatlari” ilmiy konferensiyasi o‘tkazdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi va FA Tarix instituti rahbariyati, xodimlari, talabalari va tadqiqotchilari, shuningdek OAV vakillari qatnashdilar.
Tadbirning kirish qismida tashkilotchilar tomonidan qatag‘on yillarining tarixiy va ma’naviy oqibatlari, mazkur fojialarning milliy xotira va kelajak avlod tarbiyasi uchun beqiyos ahamiyati ta’kidlandi. Mustabid tuzum avvalo millatning ziyoli qatlamini, vatanparvar va erkin fikrli farzandlarini yo‘q qilishga qaratilgani, va shu jumladan prokuratura tizimi xodimlarining 150 nafariga jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 30 nafari otib tashlangani qayd etildi.
Qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish, ularning jasorati va orzu-armonlarini keng targ‘ib etish milliy o‘zlikni asrab-avaylash hamda jamiyat ma’naviyatini mustahkamlashda hal qiluvchi omil ekanligiga e’tibor qaratilib, tarixiy xotirani abadiylashtirish va ularning jasoratini yosh avlodga yetkazish borasida Bosh prokuratura hamda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Tarix instituti o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik ushbu ezgu maqsadlarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Tarix instituti direktori, akademik Azamat Ziyo Tarix instituti tomonidan oktyabrning birinchi haftasida an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan “Qaramlik, qatag‘on va millat” umummilliy ilmiy yig‘ini, Institut olimlari tomonidan jadidchilik milliy harakati tarixi, qatag‘on qurbonlarini aniqlash, ularning hayoti va faoliyatini o‘rganish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadqiqotlar, qatag‘on oqibatlari haqida atroflicha fikr bildirdi.
Konferensiyada so‘zga chiqqan olimlar shuningdek qatag‘onchilik siyosatining ildizlari, ishbilarmonlar, yer egalari, chorvadorlar, dindorlar, milliy siyosiy uyushmalar, milliy matbuot qatag‘oni va ushbu qatag‘on oqibatlariga oid masalalarda to‘xtalib o‘tdilar.
Tadbirda qatag‘on qurbonlarining avlodlari ham ishtirok etib, bobolari haqida qimmatli ma’lumotlarni taqdim qildilar.
Tadbir yakunida ma’ruzalar bo‘yicha fikr-munozaralar bildirildi, shuningdek bu kabi tadbirlarni muntazam o‘tkazilishi lozimligi qayd etildi.