O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tashabbusi bilan mamlakat oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida tashkil etilgan “Kitobxon yoshlar ligasi” onlayn kitobxonlik respublika tanlovi muvaffaqiyatli yakunlandi.
Tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad – talabalar o‘rtasida kitob o‘qish madaniyatini keng targ‘ib etish, ma’naviy va intellektual rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarning tahliliy fikrlash qobiliyatini oshirishdan iborat bo‘ldi.
Tanlov bir nechta bosqichda o‘tkazilib, unda mamlakat bo‘ylab turli yo‘nalishlarda tahsil olayotgan minglab talabalar faol ishtirok etdilar. Ishtirokchilar belgilangan badiiy va ilmiy-ommabop asarlarni o‘qib, onlayn platforma orqali test savollariga javob berdilar, tahliliy insho va taqdimotlar tayyorladilar.
Mazkur tanlovda O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi magistraturasi tinglovchilari ham ishtirok etib, yuqori saviyadagi bilim va tahliliy qobiliyatini namoyon etgan holda, faxrli o‘ringa sazovor bo‘ldi va diplom, esdalik sovg‘alari va kitoblar bilan taqdirlandilar.